Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi tashqi reklama obyektlarini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Egalari ularni yangi turdagi hujjatlarga almashtirish to‘g‘risida ariza bermagan reklama obyektlarining pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Hukumat pasportlarni joriy yilning 1-apreligacha almashtirishni topshirgandi, biroq keyin Toshkent shahri uchun belgilangan muddat 1-iyungacha uzaytirildi.
Hokim o‘rinbosari Aleksey Xenning Toshkent shahridagi noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlarini demontaj qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Jarayon joriy yil oxirigacha yakunlanishi belgilandi.
Demontaj jarayoni uchun ochiq tanlovlar asosida maxsus tashkilotlar tanlab olinadi. Ular bilan Raqamli rivojlanish departamenti o‘rtasida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
Milliy gvardiya demontaj paytida jamoat tartibini saqlashda ishtirok etadi. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” demontaj qilingan obyektlarni elektr tarmog‘idan uzadi.
Demontaj qilingan konstruksiyalar 30 kun davomida maxsus joylarda saqlanadi. Agar ular bu muddatda mulkdorlar tomonidan olib ketilmasa, ular tegishli tartibda sotiladi yoki utilizatsiya qilinadi.
Shuningdek, “Tashqi reklama” elektron tizimining ochiq versiyasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Unda bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish va sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida reklama obyektlarini o‘rnatish joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Iyun oyida Toshkentda turar-joy binolaridagi mozaikalar reklama bannerlaridan tozalangandi. Jami 70dan ortiq mozaikalar tashqi to‘siqlardan xalos etilgan.