Avvalroq nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Unga muvofiq, joriy yilning 1-sentabrigacha vazirlik va idoralar, ularning hududiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida bir nafar rahbar o‘rinbosari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratilishi bo‘yicha mas’ul etib belgilanadi.
2025-yildan vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchilar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida o‘qitiladi.
2024-yilning 1-oktabridan shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtomobillarini moslashtirish xarajatlarining 50%i (BHMning 30 baravari — 10,2 mln so‘mgacha miqdorda) qoplab beriladi.
Ijtimoiy inspeksiya nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit va to‘siqlarsiz harakat qilish imkoniyatlari yaratilganligini nazorat qiluvchi vakolatli organ etib belgilandi.
Yil oxirigacha mamlakatda ayrim ko‘chalar nogironligi bo‘lganlar uchun moslashtiriladi. Ular harakatlanishi uchun to‘siqlarsiz muhit yaratilgan obyektlarni aniqlovchi “Interaktiv xarita” tizimi ishga tushiriladi.