Kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish xizmati yaratildi, deya xabar bermoqda “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi.

Qayd etilishicha, byuro tomonidan 20-iyundan “Freeze” xizmatini test rejimida ishga tushirilgan.

Mazkur xizmat orqali jismoniy shaxslar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini kredit axborotidan foydalanuvchilar tomonidan byurodan olinishini cheklab (taqiqlab) qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

Bu orqali esa fuqarolar kredit tarixi ularning xabarisiz o‘rganilishini oldini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu xizmatdan dastlab veb-sayt orqali bepul foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan esa xizmat pullik asosida bazaviy hisoblash miqdori (BHM) ning 0,03 barobari miqdoridagi (QQSni hisobga olmagan holda) haq evaziga amalga oshiriladi.

Xizmatdan foydalanish davrida agar fuqaro o‘z nomiga kredit olishni rejalashirgan bo‘lsa, unda xizmatni o‘chirib, keyin kredit uchun ariza berishi mumkin.


Avvalroq “Spot” kredit tarixi nima va uni qanday aniqlash mumkinligi haqida qo‘llanma taqdim qilgandi.