Toshkent shahrining Yashnobod tumanida poytaxtdagi uchinchi “gastronomik” ko‘cha tashkil etiladi. Bu haqda “Mikrokreditbank” matbuot xizmati xabar berdi.
“Mikrokreditbank” va tuman hokimligi hamkorligida hududdagi Sodiq Azimov ko‘chasining uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirish bo‘yicha loyihalash ishlari yakunlandi. Hududda 145-sonli umumta’lim maktabi, “Korzinka” supermarketi, 1-sonli poliklinika, shuningdek, “Black Star Burger”, “Divan” va “Testo” umumiy ovqatlanish muassasalari joylashgan.
Loyiha doirasida ko‘chada yoritish ustunlarini, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, sug‘orish tizimlarini joylashtirish, audio musiqa tizimini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatiladi, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar yo‘l chekkasida harakatlanishga halal bermaydigan avtoturargohlar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etiladi.
Ovqatlanish uchun qulay bo‘lgan “Fudtrak"lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar o‘yingohi va 3D formatdagi katta monitor o‘rnatish kabi ishlar ham amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, mazkur “gastronomik” ko‘cha tunu-kun ishlaydigan ko‘ngilochar markazga aylantiriladi. Unda joylashgan barcha oziq-ovqat hamda savdo nuqtalari xorijiy valyutadagi to‘lovlarni qabul qiluvchi terminallar bilan ta’minlanib, banklarning 24/7 rejimda ishlovchi bankomat va infokiosklari o‘rnatiladi.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalari tashkil etiladi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu ko‘chasida ham audio musiqa tizimi, otozonalar uchun dekorativ elementlar, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar tashkil etiladi.