Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) konsalting kompaniyasi 2024-yilning birinchi yarmida Toshkent shahridagi strit-riteyl (ko‘cha savdosi) holatini tahlil qildi. “Spot” sharh bilan tanishib chiqdi (tahririyatda nusxasi mavjud).

Strit-riteyl — do‘konlar, kafelar va boshqa savdo nuqtalari ko‘chadan alohida kirishlari bo‘lgan binolarning birinchi qavatlarida joylashgan savdo formati. Mazkur format, ayniqsa, shahar markazlarida mashhur bo‘lib, bu yerdagi piyodalarning ko‘pligi mijozlarning barqaror oqimini ta’minlaydi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, poytaxtdagi eng talabgir va mashhur ko‘cha savdo nuqtalari:

  • Taras Shevchenko ko‘chasi;
  • Shota Rustaveli ko‘chasi;
  • Amir Temur shoh ko‘chasi;
  • Tashkent City.

Toshkentda ko‘cha savdosi barqarorlik va biroz o‘sishni ko‘rsatmoqda.

Bo‘sh turgan tijorat uchastkalari 0,2%ga bir oz pasayish bilan barqaror qoldi. Tashkent City’da bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 22%ga kamaygan bo‘lsa-da, yuqoriligicha qolmoqda — 46%.

O‘tgan yili bo‘sh binolar ko‘rsatkichi Tashkent City’ni hisobga olmaganda, barcha ko‘chmas mulk obyektlarining 6%igacha bo‘lgan. Tanlangan hududlarda o‘rtacha ijara stavkasi har kvadrat metr uchun 26,8$ni tashkil etadi. 2023-yilda stavka har kvadrat metr uchun $21,3dan bo‘lgan.


Tashkent City

Tashkent City strit-riteyli 271ta binodan iborat bo‘lib, ikkita turar-joy majmuasi: Boulevard va Gardens Residence hududida joylashgan. Bu yerda ko‘plab avtodilerlar va restoranlar, shuningdek, turli xil savdo koridorlari mavjud.

O‘rtacha ijara stavkasi har bir kv.m uchun $28,1ni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3%ga yuqori.

Vakant joylar yuqoriligicha qolmoqda — 46%. Mutaxassislar Tashkent City Mall savdo markazining ochilishi va keyinchalik tirbandlik tufayli ijarachilarning joylashish jarayoni sekinlashishini prognoz qilmoqda.

Amir Temur shoh ko‘chasi

Amir Temur shoh ko‘chasi Abdulla Qodiriy ko‘chasidan Kichik halqa yo‘ligacha metro va yirik biznes markazlari tufayli o‘zining yuqori darajadagi transport qulayligi bilan mashhur. Ijaraga asosiy talab yaqin atrofdagi ofislar xodimlari, talabalar va hudud aholisidan kelib chiqadi.

Ushbu ko‘chadagi lotlar soni 139tadan 158taga ko‘paydi. O‘rtacha ijara stavkasi 28%ga oshdi va oyiga kv.m uchun $24,7ni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, DIM tower biznes markazining ochilishi munosabati bilan ijaraning o‘rtacha narxi o‘sdi.

Savdoning asosiy yo‘nalishlaridan biri kiyim-kechak va poyabzal savdosi bo‘lib qolmoqda. Segmentdagi asosiy ijarachilar Nike, Adidas, Li-Ning yoki Urban Store kabi do‘konlardir. Do‘konlar va restoranlarning narx segmenti quyidan o‘rtagacha farq qiladi.

Taras Shevchenko ko‘chasi

“Ming o‘rik” metro bekati va Toshkent markaziy temir yo‘l vokzali yaqinida joylashgan Taras Shevchenko ko‘chasi eng mashhur restoran ko‘chalaridan biridir. Bu yerda o‘rtacha narxlardagi restoran va kafelar, shuningdek, bir nechta premium muassasalar ustunlik qiladi.

Ushbu ko‘chada ijaraning o‘rtacha stavkasi har bir kv.m uchun $31,2ni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 23%ga yuqori. Bu ko‘chaning mashhurligi ortib borayotganidan dalolat beradi, deydi ekspertlar.

Kunduzi ko‘cha ofis xodimlari va talabalarni o‘ziga jalb qiladi, kechqurun va dam olish kunlari esa aholi turli xil sifatli restoranlar uchun bu yerga kelishadi.

Shota Rustaveli ko‘chasi

“Do‘stlik” bog‘idan “Oybek” metro bekatigacha bo‘lgan Shota Rustaveli ko‘chasi harakatning intensivligi va savdo obyektlarining zichligi bilan ajralib turadi. Bu yerda asosiy ijarachilar kichik startaplar va mahalliy korxonalardir.

Ushbu ko‘cha bo‘ylab ijaraning o‘rtacha stavkasi oyiga kvadrat metr uchun $24ni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8%ga yuqori.

Asosiy ijarachilarga Dolce Italia, B&B, ChayKof va BrandStore kiradi. Do‘konlar va restoranlarning narx segmenti har xil, bu ko‘chaning universalligi haqida gapirish imkonini beradi. Biroq bu ko‘chada ijarachilarning almashinuvchanligi yuqori.

S-1 mavzesi

S-1 mavzesi Mustaqillik shoh ko‘chasi va Abdulla Qodiriy ko‘chasini qamrab oladi. Asosiy trafik yaqin atrofdagi turar-joylar aholisi, shuningdek, Ekopark, Central Park (Telman) va yirik o‘quv markaziga tashrif buyuruvchilardan keladi.

Hududdagi ijara narxi juda xilma-xil bo‘lib, tashrif buyuruvchilar kam bo‘lgan hududlarda $17dan eng mashhur joylarda $35gacha bo‘lishi mumkin. Ko‘chada o‘rtacha ijara narxi oyiga $25ni tashkil etadi.

Asosiy ijarachilar KFC, Wok, Wendy’s va ChayKof kabi kafe va restoranlardir.

Shahrisabz ko‘chasi

Shahrisabz ko‘chasining, Amir Temur shoh ko‘chasidan Istiqbol ko‘chasigacha bo‘lgan qismi metroga yaqinligi va ko‘plab obyektlari, transport qulayligi va intensivligi bilan ajralib turadi. Bu yerda strit-savdosining asosiy ulushini kafe va restoranlar egallaydi (30%).

O‘rtacha ijara stavkasi kv m uchun oyiga $26,5ni tashkil etadi.

Tadqiqotda qayd etilishicha, ushbu ko‘chadagi savdo muammolaridan biri bu to‘xtash joylarining yo‘qligi bo‘lib, bu xarid jarayonini murakkablashtiradi.