Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Ipotekabank"ga nisbatan bankning “Instagram"dagi sahifasidagi reklamaning qonun talablariga mos emasligi yuzasidan ish qo‘zg‘atgandi.
Xususan, “Super” omonat turining shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablag‘lari bo‘yicha dastlabki 3 oy uchun 26%dan va keyingi uch oy uchun 14%dan, onlayn qabul qilingan depozit pul mablag‘lari bo‘yicha esa mos ravishda 26,09% va 14%dan hisoblanishi belgilangan.
Bunda, mazkur omonat turi bo‘yicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26%dan pul mablag‘lari berilsa-da, reklamada omonatning muhim shartlari ochib berilmagan.
Qo‘mitaning iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus komissiyasi “Ipotekabank” tomonidan nomaqbul (noto‘g‘ri) reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topildi.
Shuningdek, unga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Qo‘mita Maxsus komissiyaning mazkur qaroridan norozi bo‘lgan tomon Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini qayd etdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Anglesey Food” aybdor deb topilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga da’vo kiritilishi ma’lum qilingandi.