Raqobat qo‘mitasi “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasiga narx manipulyatsiyasi orqali asossiz olingan mablag‘ni qaytarish majburiyatini qo‘ydi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mita tomonidan “Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomi talablarining buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi natijasida asossiz olingan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, kompaniyaga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniyaning birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, jumladan, mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarining oshishiga olib kelgan harakatlar alomatlari aniqlangan.
Natijada birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlari o‘rtacha 10%dan 50%gacha oshishiga sabab bo‘lgan.
Qo‘mita “Lukoil Overseas Supply and Trading"ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va hukumatning 2020-yilning 18-martidagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish ochdi.
Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi “Korzinka"ga nisbatan ish qo‘zg‘atgani haqida yozgandi.
Supermarketlar tarmog‘i tomonidan e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarketlar va dehqon bozorlaridagi narxlardan farq qilmasligi aniqlangan.