“Microsoft” ishidagi global uzilishlar O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar faoliyatiga ta’sir qilmadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni damda barcha aerodromlarda uchish va qo‘nish jarayonlari odatdagidek davom etmoqda.

“Aviakompaniyalar yo‘lovchilarni ro‘yxatga olishda dasturiy nosozliklarga duch kelgan taqdirda, „Uzbekistan Airports“ aviatashuvchilarga o‘zining muqobil ro‘yxatga olish tizimini taklif qilishga tayyor”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Windows” operatsion tizimidagi qurilmalarda butun dunyo bo‘ylab uzilishlarga duch kelgani haqida xabar berildi.

“Register” ma’lumotlariga ko‘ra, bu “CrowdStrike” axborot xavfsizligi yechimlari provayderining yangilanishidagi xato bilan bog‘liq.

Texnik nosozlik parvozlarning bekor qilinishiga va butun dunyo bo‘ylab telekanallarning uzilishiga olib keldi.

Xususan, Amerikaning yirik kompaniyalari — “Delta”, “United Airlines” va “American Airlines"ning barcha reyslari bekor qilindi, deb xabar bermoqda “CNN”.

Berlinda aeroport texnik nosozlik tufayli soat 10:00 gacha faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.

Avstraliyada uzilish banklar, aviakompaniyalar va ommaviy axborot vositalari, jumladan, “ABC” kanaliga ta’sir qildi.

“Sky News” telekanali texnik muammolar tufayli juma kuni ertalab Buyuk Britaniyada jonli efirga chiqa olmaganini aytdi.


Avvalroq “Spot” “Windows 11"da telefon bilan aloqa ilovasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.

Bu smartfon galereyasidagi fotosuratlardan matnni avval kompyuterga yuklab olmasdan olish imkonini beradi.