Avvalroq hukumatning ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan 2024-yilning 1-avgustidan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi “Davlat raqam belgilari” modulida avtomatik tarzda tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi.
Hozirda raqam belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha beriladi, harflar va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan auksion orqali sotilgan raqamlar bundan mustasno.
Yaqinda avtomashinalariga raqam olgan haydovchilarning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, davlat raqamlari belgilari avtomatik tarzda inspektorlar planshetlari orqali shakllantiriladi.
Joriy yilning 1-dekabridan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha murojaatlar YHXX mobil ilovasi, rasmiy sayti, “Call” markazi yoki Yagona portal orqali qabul qilinib, to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Avtomobil egasi yoki vakili uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat etganda, ro‘yxatdan o‘tkazish turini tanlaydi, hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi, zarur hollarda ularning nusxalarini yuklaydi, shuningdek, telefon raqamini kiritib ushbu ma’lumotlarni tasdiqlaydi.
Ma’lumotlar tasdiqlangandan so‘ng to‘lov rekvizitlari va miqdori to‘g‘risida SMS-xabar yuboriladi. Yig‘im va to‘lovlar onlayn to‘lov tizimlari orqali to‘lanadi hamda axborot tizimlari bilan tasdiqlanadi.
Undan keyin YHXXning dasturiy ta’minoti yoki Yagona portal orqali shakllantirilgan murojaat YHXX va uning hududiy boshqarmalariga onlayn yuboriladi.
Avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatdan kechiktirmasdan tegishli hujjatlar bilan avtomobilni YHXX va uning hududiy boshqarmalariga olib borishi shart.
YHXX va uning hududiy boshqarmalarining mas’ul xodimlari hujjatlardagi ma’lumotlarni onlayn yuborilgan murojaatdagi ma’lumotlar bilan solishtiradi.
Shuningdek, avtomototransport vositasi, uning tipi, markasi, model va modifikatsiyasi, RO‘DRB, identifikatsiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlari, to‘liq vazni, yuksiz vazni, o‘rindiqlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Avvalroq avtomobillarni qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati kamaytirilgandi. Endi ishonchnomani elektron rasmiylashtirishda mavjud qarzdorlik axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.