Avvalroq “Windows 10” operatsion tizimidagi qurilmalarda butun dunyo bo‘ylab uzilishlar yuz bergani haqida xabar berilgandi.
19-iyul kuni butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar “Windows” dasturiy ta’minoti bilan ishlaydigan kompyuterlarida muammolarga uchrashdi. Yirik banklar va xalqaro media-xoldinglar, jumladan Britaniyaning “SkyNews” telekanali muammolarga duch keldi.
Shuningdek, mazkur yangilik fonida aviakompaniyalar, jumladan “American Airlines”, “United Airlines” va “Turkish Airlines” kabi aviakompaniyalar uzilishlar haqida shikoyat qildi.
Shunga qaramay, global nosozlik O‘zbekistonga ta’sir qilmadi. “Spot” tahririyati mazkur masalada mahalliy kompaniyalar bilan bog‘lanib, ularning fikrini o‘rgandi.
“Korzinka”, “Uzum”, “Click”, “Uzcard”, “Silk Avia”, “Uzbekistan Airways” kabi kompaniyalar, valyuta, tovar va fond birjalari “Spot” so‘roviga javoban, bugun ularning ishida hech qanday uzilishlar kuzatilmaganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, tahririyat “Air Marakanda”, “IT Park”, “TBC Uzbekistan” va Soliq qo‘mitasidan ham ma’lumot so‘ragandi, biroq tezkor javob ololmadi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmati esa “Microsoft” ishidagi global uzilishlar O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar faoliyatiga ta’sir qilmaganini bildirdi.
“C7 Security” axborot xavfsizligi kompaniyasi direktori Aziz Axmedxo‘jayevning “Spot"ga izoh berishicha, nosozlik Amerikaning “CrowdStrike” kiberxavfsizlik kompaniyasi dasturiy ta’minoti sabab yuzaga kelgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni “CrowdStrike” o‘zining “Falcon Sensor” mahsuloti uchun yangilanishlarni e’lon qildi va mijozlar kompyuterlariga yuklash boshlandi. Biroq, yuklashda xatolik yuz berdi, bu esa “Falcon Sensor” bilan ishlovchi barcha qurilmalarning “uchib ketishiga"olib keldi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, ko‘pchilik bu nosozlikda darrov “Windows"ni ayblashdi, aslida esa, “Falcon Sensor” antivirusi bilan xatoga yo‘l qo‘ygan “CrowdStrike” aybdor edi.
“„Crowdstrike“ mijozlarining aksariyati yirik xorijiy kompaniyalar bo‘lib, MDHda mijozlar ancha kam, ayniqsa O‘zbekistonda kamroq. Nega muvaffaqiyatsizlik MDHga ta’sir qilmay, asosan yirik xorijiy korxonalar bilan bog‘liq bo‘ldi, degan savolga javob bu”, — dedi u.
“Microsoft"ning nosozliklari aksariyat MDH mamlakatlariga ta’sir qilmadi, deb yozadi “TACC” nashri.
“IT-Community” rahbari Shavkat Karimovning fikricha, uzilishlar O‘zbekistonni chetlab o‘tganiga sabab, mamlakatda “qaroqchi” “Windows"ning ommalashgani bilan bog‘liq.
Avvalroq “Microsoft”, “Google” va “Meta” kompaniyalari o‘z biznesi uchun sun’iy intellekt xavfini qayd etgani haqida xabar berilgandi.