Dog‘iston va O‘zbekiston to‘qimachilik shisha tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishga tushirish rejalashtirmoqda. Bu haqda “RIA Dagestan” xabar bermoqda.
17-iyul kuni Dog‘iston hukumati raisi Abdulmuslim Abdulmuslimov Maxachqal’aga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda elchisi Botirjon Asadov bilan uchrashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining hududiy vazirlik va idoralar vakillari ishtirokidagi rasmiy uchrashuvi doirasida qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Dog‘iston hukumati raisi o‘zbek ishbilarmonlarini Dog‘istonda boshqa qo‘shma korxonalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham yaratishga taklif qildi.
U viloyatda imtiyozli zonalarda soliq imtiyozlari taqdim etilishi va o‘zbek biznesi faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda Abdulmuslim Abdulmuslimov sohada qo‘shma yirik loyihani amalga oshirish masalasini ko‘tardi.
O‘zbekistonda hozirda bosqichli to‘qimachilik shisha tolasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma “Asadbek Glass Fiber” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaga Dog‘istonning “Kaspiyskiy zavod steklovolokna” kompaniyasi 50 mln rubl ($568 ming), o‘zbekistonlik hamkorlar esa 47 mln tubl ($533,9 ming) sarmoya kiritgan.
“Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati ko‘magida yaqin kelajakda korxonada ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur masalalarni hal qilish mumkin bo‘ladi”, — deydi Abdulmuslimov.
Uchrashuvda “Dagestan Glass Container” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Pataxudin Magomedov shisha tola va shisha tolali gazlamalar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
“Bugungi kunda Dog‘iston Rossiyaning to‘liq ishlab chiqarish jarayoniga ega bo‘lgan yagona viloyati bo‘lib, shisha sharlar ishlab chiqarishdan tortib, tayyor shisha mahsulotlarigacha. Biz esa bu yo‘nalishni har chorak va yilda kengaytiramiz. O‘ylaymanki, bu O‘zbekiston uchun ham katta istiqboldir. Bugungi kunda bironta ham mashina, telefon, raketa yoki kir yuvish mashinasi shisha tolasiz ishlamaydi”, — dedi Magomedov.
Uchrashuvda joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan qo‘shma korxonani ochish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning amaliy masalalari muhokama qilindi.
Dog‘iston hukumati raisi, shuningdek, O‘zbekiston ishbilarmonlarini Dog‘iston hududida boshqa qo‘shma korxonalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham tashkil etish, viloyatning soliq imtiyozlari berilgan imtiyozli zonalarida ishlashga taklif qildi.