Pavel Durov “Telegram"da mini-ilovalar do‘koni va “Web 3"ni qo‘llab-quvvatlaydigan o‘rnatilgan brauzer ishga tushirilishini e’lon qildi.

Shuningdek, u “kriptovalyuta sohasida yangi kelganlarni aldashga urinayotgan” firibgarlarga qarshi kurashni kuchaytirishga va’da berdi.

Xususan, “Telegram"da profil ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat va oy, shuningdek, ommaviy akkauntlar uchun asosiy sahifa ko‘rsatila boshlaydi.

Bundan tashqari, tashkilotlar o‘zlarining mini-ilovalari orqali “Telegram” kanallari uchun tasdiqlash yorliqlarini chiqarishlari mumkin bo‘ladi, “uchinchi tomon tekshiruvi uchun markazlashmagan bozorni yaratadi”. Durov bu qanday tashkil etilishiga aniqlik kiritmadi.

Messenjerda allaqachon botlar va mini-ilovalar do‘koni — “Telegram Apps Center” mavjud. U messenjer bilan bog‘lanmagan dasturchilar hamjamiyati tomonidan ishlab chiqilgan.


Avvalroq Pavel Durov tez orada “Hamster” jamoasi o‘z tokenini TON blokcheyniga chiqarishi haqida ma’lum qilgandi.

Mini-ilovadan 3 oyda 240 mlnga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Kuniga 4−5 mln nafar yangi foydalanuvchining qo‘shilishi esa, o‘yinni yanada ommalashtirmoqda.