Reklama qonunchiligini buzgani uchun “AVO Bank"ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, qo‘mitaga mazkur raqamli bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha noto‘g‘ri reklama tarqatayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda bank saytining “AVO bonuslari” sahifasidagi reklama axborotlarida “250 ming so‘m Har bir yangi mijozga”, “+250 ming so‘m Sizga va Avoning har bir yangi mijoziga”, “Hisobingizga 250 ming so‘m olish” va “Kartaga 250 ming so‘m olish” kabi ma’lumotlar ko‘rsatilganligi qayd etilgan.
Shunga qaramay, bank tomonidan har bir yangi mijozga 250 ming so‘m pul berilmasligi, pul ko‘rinishidagi bonuslarni olish uchun mijoz ma’lum bir harakatlarni amalga oshirishi kerakligi, shunda ham mijozga 250 ming so‘m pul naqd ko‘rinishda berilmasligi, bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari ko‘rinishida taqdim etilishi keltirilgan.
O‘rganishlar natijasida bankning rasmiy saytida “AVO O‘zbekistondagi eng qulay mobil bank” mazmunidagi reklama joylashtirilganligi, har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 so‘mga teng bo‘lgan bonus ballari berilishi, mijoz xohishiga ko‘ra bonuslarni pulga almashtirish yoki bank xizmatlari uchun to‘lov sifatida ishlatish mumkinligi belgilanganligi ma’lum bo‘ldi.
Shu sabab, reklama axborotlarida “Har bir yangi mijoz uchun 250 ming so‘m oling”, “Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 ming so‘m”, “Hisob raqamiga 250 ming so‘m oling” mazmunidagi iboralardan foydalanilgan, biroq bankning bu pullarni mijozlarning hisob-raqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib berish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.
Shu bilan birgalikda, “AVO Bank” tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risida OAV va tashqi reklama vositalarida tarqatilgan reklama axborotlari qo‘shimcha o‘rganilganda, bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, turli manbalar orqali e’lon qilingan reklama axborotlarida bankning “AVO Platinum” kredit kartasi haqida joylashtirilgan ma’lumotlarida “AVO platinum kredit kartasi — har qanday xarid uchun 0% stavka” hamda “AVO platinum kredit kartasi — 2 mlnga xarid qilib, 2 mln qaytarish” degan mazmundagi iboralar foydalanilganligi kuzatildi.
Vaholanki, “AVO Platinum” kredit kartasi mablag‘laridan foydalanish shartlariga ko‘ra, mijozlarning bu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun o‘tgach mazkur pullar uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi ma’lum bo‘ldi.
Natijada, Raqobat qo‘mitasi bankni reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan deb topdi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi birinchi qismi va “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari bilan “AVO Bank"ga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Avvalroq “Ipotekabank” noto‘g‘ri reklama uchun jarimaga tortilgandi. Raqobat qo‘mitasi bankni nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topib, jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi.