“Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”)ni xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida savdo jarayonlariga chiqariladi. “Deloitte” xalqaro kompaniyasi agentlikning xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
Savdo jarayoni uch bosqichda — sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest), majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) hamda majburiyatga ega bo‘lgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlarida amalga oshiriladi. Yakuniy bosqichda taklif etiladigan qat’iy narx taklifining kamida 1%i kafolatli to‘lov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.
Birinchi bosqichida quyidagi ma’lumotlar bilan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar taqdim etiladi:
- ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot (shu jumladan, STIR, faoliyat turi) va aktivdan foydalanish rejalari;
- ustav kapitalida 5%dan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ta'sischilar va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risida ma’lumotlar;
- oxirgi 3 yilgi faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisoboti.
Talabgorlar qiziqish bildirishi to‘g‘risidagi arizalarini xohishlariga ko‘ra o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab, joriy yilning 22-avgust kuni, soat 18:00gacha jmamadjanov@deloitte.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.
Qabul qilingan arizalar aktivni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslariga ega, to‘lov tizimi operatori muassislariga qo‘yiladigan talablarga mos bo‘lishi kerak. Ishtirok etishni taqiqlash mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik, arbitraj yoki boshqa sud jarayonlar bo‘lmasligi lozim.
Talabgor va uning aksiyadorlari yoki ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan kompaniya bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lish lozim.
Aktivning ustav kapitali 155,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Hozirda 27 mlndan ortiq “Humo” kartalari chiqarilgan, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan.
Iyun oyida Davaktiv agentligi “HUmo"ni xususiylashtirish uchun maslahatchi jalb etish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Iyul oyi boshida “Deloitte” konsultant sifatida tanlab olingani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq “Spot” “Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgani haqida yozgandi. Kompaniyani qayta tashkil etish prezidentning 2023-yilning noyabrida qabul qilingan tegishli qarori bilan amalga oshirildi.
Mazkur qarorda “Humo” boshqaruvchisining ustav kapitalidagi davlat ulushi Davaktiv agentligiga o‘tkazilishi belgilangandi. Agentlik bu xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini bildirgandi.