Kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Sanoat zonalari direksiyalari ishtirokchilar tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini tasdiqlaydi. Shundan so‘ng ishtirokchilar sanoat zonasida o‘zlariga ajratilgan ko‘chmas mulkni xususiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
1-avgustdan boshlab majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida xulosa berishning maksimal muddati uch oyni tashkil qiladi. 1-oktabrgacha o‘z majburiyatlarini bajargan va bajarmagan sanoat zonasi ishtirokchilarini hisobga olish uchun elektron platformani ishga tushirish topshirildi.
Investitsiyalar nazorat smetalari va auditorlik hisobotlari asosida tasdiqlanadi. Ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini baholash uchun buxgalteriya hisobotlari, soliq idorasi, bandlik organlari va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida joylashgan davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish vakolati berildi.
Sanoat zonasi ishtirokchisi direksiyadan majburiyatlarning bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatni olgach, obyektni xususiylashtirish uchun ariza berishi mumkin. Shu bilan birga quyidagilar talab qilinadi:
- sanoat zonasida kamida 3 yil ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat va obyektni ishtirokchi hisobidan rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash uchun nazorat smetasi;
- yoki kamida 5 yil davomida ishtirokchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat va rahbariyat bilan kelishilgan holda obyektni saqlash uchun sarflangan xarajatlarning nazorat smetasi.
Direksiya hujjatlarni 5 ish kuni ichida hududiy Davaktiv agentligi bo‘limiga topshirishi kerak. Agentlik sotuvga qo‘yilgan obyekt bo‘yicha balans egasiga so‘rov yuboradi va uni 17 ish kunidan kechiktirmay mustaqil baholovchi yordamida baholashni amalga oshiradi.
Keyin sanoat zonasi ishtirokchisiga mulkni sotib olish taklifi taqdim etiladi, shundan so‘ng uning roziligi bilan 10 ish kuni ichida uch tomonlama oldi-sotdi shartnomasi tuziladi. Obyektga buyurtma obyekt narxi to‘liq to‘langanidan keyin 5 ish kuni ichida taqdim etiladi.
Savdo-sanoat palatasining qayd etishicha, mamlakatda 529ta kichik sanoat zonalari hamda 202ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.
Avvalroq Yunusobodda joylashgan kichik sanoat zonasi renovatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Yangi sanoat hududida kovorking va biznes, marketing tadqiqotlari markazlari, mehmonxona, shuningdek, logistika markazi tashkil etiladi.