Samarqand viloyatida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Marokand Trans 777” xususiy korxonasi Xitoy jamoat transportini xarid qiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kattaqo‘rg‘onda “Marokand Trans 777” va Xitoyning “Sumec International Technology Trading Co.,LTD” kompaniyalari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar 2024−2025 yillarda elektroavtobus va avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Loyiha qiymati — $171 mln.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Marokand Trans 777” 2022-yilning iyun oyida tashkil etilgan. Jamiyatning ustav kapitali 400 mln so’m bo‘lib, ta’sischilari Djurayev Shuxratjon Kurbanovich (50% ulush) va Djurayev Farxod Kurbonovich (50%) hisoblanadi.
Bundan tashqari, Transport vazirligi va YeTTB “Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlash va Samarqand shahri uchun elektrobuslarni xarid qilish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish istagida.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning YeTTB Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha direktori Xuseyn Ozxan boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuvida mazkur masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar Nukus va Namangan shaharlariga elektrobuslar, Samarqand shahriga tramvay xarid qilish masalasini ham muhokama qilishdi.
2023-yilning iyulida Transport vazirligi va YeTTB Toshkent-Samarqand pullik yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish masalasini muhokama qildi. Xususan, Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi ishga jalb qilingan.
Dekabr oyida Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan mazkur pullik avtomobil yo‘lining dastlabki texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq joriy yilning iyun oyi oxirigacha Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanishi haqida xabar berilgandi.