Hukumatning ichki qatnovdagi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘rilgan zararlarni budjetdan kompensatsiya qilishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
2025-yildan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) budjet hisobidan qoplash tartibini joriy etish belgilangan.
Joriy yildan esa yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish xizmatlari, yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilar tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tilishi nazarda tutilgan.
Hujjat bilan ichki qatnovdagi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘rilgan zararni budjet hisobidan qoplash tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. U quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- tashuvchining ichki qatnovdagi poyezdlarda yo‘lovchilar tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan ko‘rgan zararlarini hisoblash;
- ushbu zararlarni budjet hisobidan kompensatsiya qilishni ko‘rib chiqish;
- kompensatsiyani to‘lash uchun zarur hujjatlarni taqdim etish.
2025-yilning 1-dekabrigacha temir yo‘l transporti sohasida davlat tomonidan tartibga solinadigan xizmatlarga narxni aniqlash va tasdiqlash tartibi ishlab chiqiladi.
Bunda xizmat ko‘rsatish sifati va operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan rag‘batlantirish mexanizmlarini (bonus), shuningdek, avans to‘lovlarini kiritish uslubiyatini qo‘llash joriy etiladi.
2026-yilning 1-iyuligacha temir yo‘l transportida ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan poyezdlar bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalarini (Public Service Agreement) tuzish va moliyalashtirish tartibi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bunda 2027-yildan boshlab budjetdan kompensatsiya mablag‘lari faqat ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan poyezdlarda yo‘lovchilar tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari asosida moliyalashtiriladi.
Avvalroq Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim tasdiqlangandi. Transport vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.