Joriy yilning 20-iyul kuni Toshkentda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Startup Garage” ochildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha innovatsiya va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekistonda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, sarmoya jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan.

Uning doirasida yosh va iste’dodli tadbirkorlarga zarur resurslar, bilimlar va ko‘nikmalar taqdim etiladi, ular o‘z loyihalarini markazda amalga oshirishlari mumkin.

Shuningdek, loyiha “Aloqabank”, “Aloqaventures”, “Ipotekabank”, “Mohirdev” va “Mohirlar” kabi moliyaviy tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Tadbirda “Startup Garage"dagi “Magicbot”, “Pulseev.uz”, “Ish.uz”, “Ameen Group” hamda “Vamar TMS” kabi loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi. Shu bilan birga, “Startup Foundation” birinchi onlayn dasturining taqdimoti hamda pitch-sessiyalar ham olib borildi.

“Startup Garage"ga kirish uchun startupgarage.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish yoki +998770475753 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Markazda loyihalar zarur resurslar va tajribali murabbiylar bilan ta’minlanadi, sarmoya jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar moliyaviy institutlar va boshqa tadbirkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Boshqa startaplar bilan tajriba almashish va hamkorlik qilish, loyihalarga marketing va reklama bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Avvalroq startaplar tanlov asosida 1 mlrd so‘mgacha grant olishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi. Birinchi tanlov joriy yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Nomzodlardan arizalar onlayn shaklda qabul qilinadi.