Toshkent shahrining Mirobod tumanidaggi Taras Shevchenko ko‘chasida “gastronomik” ko‘chabi tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-avgustgacha mazkur ko‘chaning Said Baraka va Fidokor ko‘chalari kesishmasidagi 250 metr qismi barcha transport harakati uchun yopildi.
Mirobod tumani hokimligi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qildi.
Mazkur ko‘chada qurilish ishlari dastlab o‘tgan hafta, 15-iyulda boshlanishi rejalashtirilgandi. Biroq, texnik sabablarga ko‘ra, jarayon qoldirildi.
Ovqatlanish korxonalari vakillari “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida “gastronomik” ko‘chani tashkil etish loyihasi haqida faqat oy boshida bilishganini aytishdi. Xususan, 13-iyul kuni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov Taras Shevchenko ko‘chasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Jumladan, mutasaddi hukumatning 395-sonli yopiq qaroriga to‘xtaldi.
“Gastronomik” ko‘chaning umumiy uzunligi Shahrisabz ko‘chasi bilan kesishgan joydan Nukus ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 800 metrni tashkil etadi. Taras Shevchenko ko‘chasi qismining ochilishi 1-sentabrga belgilangan.
Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Najmiddinovning aytishicha, Taras Shevchenko ko‘chasidagi yo‘l bir qatorga qisqartiriladi, bo‘shatilgan hudud esa piyodalar yo‘laklariga beriladi.
“Gastronomik” ko‘cha har kuni soat 20:00dan 6−7 soatga avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar yo‘liga aylanadi. Tadbirkorlar avtomobil yo‘liga musiqa va “fudrak"larni o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.
“Nega biz doimo mashinalar haqida o‘ylashimiz kerak? Avvalo, biz piyoda sayr qiluvchi odamlar haqida o‘ylashimiz zarur. Avtomobillar — ikkinchi darajali masala”, — dedi Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida.
Hokimning ta’kidlashicha, Taras Shevchenko ko‘chasi allaqachon gastronomik ko‘cha hisoblanadi, biroq umumiy ovqatlanish muassasalari yetarlicha sig‘imga ega emas. Hokimlik restoratorlar bilan muzokaralar natijasida yozgi terrasasi uchun joy ajratishga qaror qildi. Bu muassasalar daromadini oshiradi va budjetga daromad keltiradi, deya qayd etdi u.
“Gastronomik” ko‘chada ertalabdan soat kechki 20:00gacha ochiq bo‘ladigan bepul avtoturargohlar bo‘ladi. Shuningdek, chiqindini olib chiqish, ko‘cha ta’minoti va to‘xtash joylarini tartibga solish uchun boshqaruv kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan.
“Bunday ko‘cha tashkil etsak, xorijliklar oqimi uch baravarga yoki undan ham ortiqroqqa ko‘payadi”, — deydi Mirobod tumani hokimi.
Shuningdek, Taras Shevchenko ko‘chasida bolalar attraksionlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi, biroq boshqalarga xalaqit bermaslik uchun ularning faoliyati soat 23:00gacha cheklanadi.
Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, qurilish ishlari bo‘yicha pudratchi “Luxury Building Plus” kompaniyasi bo‘lib, u tanlov asosida tanlab olinmagan.
2020-yilning yanvar oyida tashkil etilgan kompaniya turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi va kichik biznes sifatida tasniflanadi. Jamiyatning ustav kapitali 1 mln so‘m bo‘lib, ta’sischisi va direktori A’zamov Umidjon Ulug‘bek o‘g‘li hisoblanadi.
Tuman hokimligi “gastronomik” ko‘chani qurish bo‘yicha boshqa variantlar qatorida Fidokor (Chexov), Said Baraka va Shahrisabz ko‘chalarini ham ko‘rib chiqdi. Taras Shevchenko ko‘chasining tanlanishi mijozlar oqimi, umumiy ovqatlanish korxonalarining xilma-xilligi va turar-joy binolariga kirish va chiqish yo‘llarining mavjudligi bilan izohlanadi.
Hokim o‘rinbosari Farhod Najmiddinovning aytishicha, “gastronomik” ko‘chani loyihalash xizmatlari “Aloqabank” tomonidan moliyalaashtirilgan. Pudrat ishlari davlat tomonidan, yozgi terrasalarni o‘rnatish esa mahalliy tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirilib, buning uchun kreditlar taklif etiladi.
Bundan tashqari, Mirobod tumani hokimligi tomonidan Taras Shevchenko ko‘chasida ijarachilar va uy egalarining savollariga javob berish maqsadida Telegram-guruhi tashkil etildi. “Gazeta.uz"ning xabar berishicha, bir qancha tadbirkorlar anonim tarzda loyihani amalga oshirishning “noadekvat” muddati, davomat va daromadlar kamaygani, shuningdek, muassasalar yopilishi paytida ishlamay qolishi haqida xavotir bildirgan.
Avvalroq Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.