22-iyul kuni paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga qaratilgan choralar belgilandi.
2023-yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun banklar tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni 2024-yilning 1-dekabrigacha to‘liq qaytargan klasterlarga foiz to‘lovlari (bank marjasidan tashqari) 2025-yilgacha qaytarib beriladi.
Bu Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan taqdim etilgan kreditlar uchun amal qiladi hamda jamg‘arma hisobidan qaytariladi.
2023-yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun klasterlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning, mos ravishda jamg‘armaning banklarga ajratgan kredit resurslari qoldig‘ini qaytarish muddati ijobiy xulosa asosida 2025-yilning 1-apreligacha uzaytiriladi.
Joriy yilning 1-avgustidan jamg‘arma kredit resurslari hisobidan banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha klasterlar ta’sischilarining shaxsiy kafilligi qo‘shimcha ravishda rasmiylashtiriladi.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35%i va undan yuqori qismi to‘langan paxta tozalash zavodlari va qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit bo‘yicha mulkiy majmua sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJning mulkiy majmualarini sotib olish bo‘yicha klasterlar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan to‘lov grafigi bo‘yicha qarzdorliklar muddati 1 yilga uzaytiriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida paxta-to‘qimachilik klasterlariga berilgan imtiyozli kredit muddati uzaytirilishi, paxta yetishtirish uchun olingan kreditni muddatida to‘liq qaytargan klasterlarga imtiyozli kreditning 8%i qaytarilishi ma’lum qilingandi.