Istiqbolli loyihalar milliy agentligi uchta kriptodo‘konning litsenziyalarini olti oyga to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqdagi ma’lumotlarni agentlik matbuot xizmati “Spot"ga tasdiqladi.
“Cryptocorp”, “C-Cash” va “T-Firm” o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda to‘xtatdi. Bu davrda kompaniyalar oylik yig‘imlarni to‘lamasliklari mumkin.
ILMA reyestriga ko‘ra, O‘zbekistonda 10ta kripto-do‘kon faoliyat yuritadi. Xususan, “Cryptocorp”, “C-Cash” va “T-Firm” o‘tgan yilning 17 va 18-avgust kunlari ruxsatnoma olgan.
12-iyun kuni agentlik “Paynet Crypto” kripto-depozitariysi va kripto-do‘koni litsenziyasini 10 kunga to‘xtatdi. ILMAning ta’kidlashicha, bu “yig‘imlarning o‘z vaqtida to‘lanmagani” bilan bog‘liq.
2022-yilning sentabrida agentlik kriptoaktivlar muomalasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun oylik yig‘imlar miqdorini tasdiqladi. Unga ko‘ra, mayning fermalar oyiga BHMning 10 baravari (hozirda 3,4 mln so‘m), mayning-pul BHMning 100 baravari (34 mln so‘m) hamda kripto-depozitariylar BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m) to‘lashlari kerak.
20-iyundan kripto-do‘konlar uchun oylik yig‘imlar BHMning 20 baravaridan 185 baravarigacha (62,9 mln so‘m), kripto-birjalar uchun esa BHMning 400 baravaridan 740 baravariga (251,6 mln so‘m) oshirildi.
2022-yildan 2024-yilning may oyigacha kripto-aktivlar aylanmasi ishtirokchilari tomonidan budjetga qariyb 44 mlrd so‘m tushum bo‘lgan.