18-iyul kuni mamlakatda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-sentabridan kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi rezident bo‘lgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga turistlarni olib kelishda ularga kredit ajratiladi.
Kredit liniyasi aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan banklar orqali milliy valyutada yillik 14% stavkada ochiladi.
Bunda belgilangan yillik foiz stavkasi tarkibida bank marjasi 3%dan oshmagan miqdorda o‘rnatiladi. Mablag‘lar turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yilga beriladi.
Shuningdek, jamg‘arma tomonidan banklarga resurslar 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi.
2025-yilning 1-avgustigacha Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlarga transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25%i miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Bu istisno tarzida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari uchun amal qiladi.
Shuningdek, mazkur muddatgacha turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi.
Turizm qo‘mitasi tomonidan ro‘yxati shakllantiriladigan xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida turizm sohasidagi tadbirkorlar, hunarmandlar, madaniyat va san’at vakillari ishtirok etadi.
Bunda, 2025-yildan xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalari uchun hokimliklarning mahalliy budjetidan 1 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratiladi.
Faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi xarajatining 50%i qoplab beriladi.
Hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish va aviachipta xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.
Iyun oyi boshida davlat rahbari turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirishni topshirdi.
Iyul oyi boshida turizm va transport sohasidagi biznes vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda sayyohlik kompaniyasi vakili Mansur Ramazonov turizm maqsadlari uchun chet eldan avtotransport vositalarini olib kirishga imtiyoz berishni taklif qilgandi.
Bunga javoban, Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov Prezident administratsiyasi bilan birga ishlab chiqilayotgan tegishli davlat rahbari farmoniga mazkur masalani nazarda tutuvchi band kiritilganini ma’lum qildi.