Savdo-sanoat palatasi elektrotexnika va avtomobilsozlik sohalari vakillari uchun davra suhbati o‘tkazadi. Bu haqda palata matbout xizmati xabar berdi.
Tadbir prezidentning biznes vakillari bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilmoqda.
Unda elektrotexnika va avtomobilsozlik sohalaridagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar shakllantiriladi.
Davra suhbati joriy yilning 26-iyul kuni soat 10:00da “InterContinental Tashkent” (Trilliant) mehmonxonasida boshlanadi.
Unda ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining +998781506006 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Joriy yilda ochiq muloqot Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ungacha tadbirkorlarning murojaatlari maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasining Call-markazi, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali qabul qilinadi.
Muloqot doirasida “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladigan xalqaro biznes forum ham shu vaqtga to‘g‘ri keladi.
2023-yilning sentabrida ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangandi. Unda 2024-yilgi muloqotni Qoraqalpog‘istonda tashkil etish masalasi berilgan.