18-iyul kuni aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga o‘tishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Xususan, “Ijtimoiy karta” axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlari bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtiriladi.
Ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va to‘lovlardan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yig‘ish zarurati bekor qilinadi.
Mazkur choralarni manzilli, qisqa muddatlarda, masofaviy hamda proaktiv tarzda olish imkoniyati yaratiladi. Mamlakat, viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligi oshiriladi.
Quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta"dan taqdim etiladi:
- 2024-yilning 1-dekabridan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar;
- 2025-yilning 1-aprelidan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash.
Bunda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtiriladi va bekor qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklanganlarga umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, bu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar ham mazkur karta orqali beriladi.
Bundan tashqari, kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar.
“Ijtimoiy karta"ga quyidagilar ham kiritiladi:
- 2025-yil 1-iyuldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda to‘langan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish;
- 2025-yil 1-oktabrdan hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq fuqarolarga budjet mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa to‘lovlar taqdim etish;
- 2026-yildan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.
Kelasi yilning 1-oktabridan pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.
Yil boshida prezident huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirishni joriy etish topshirilgandi.
Iyul oyi boshida Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya sohasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Unda mazkur tizim haqida ma’lumot berildi.