Barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlarida chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan farmonda keltirilgan.
Joriy yilning 1-dekabrigacha xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontenti ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, mazkur muddatgacha mamlakatdagi barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi.
Transport vazirligiga avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, vazirlik Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida mamlakat hududlarini bog‘lovchi qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi.
Amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temir yo‘l marshrutlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddilarga yuqorida nazarda tutilgan yagona onlayn platformani ishga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Avvalroq O‘zbekistonga yarim yilda 3,5 mln nafar turist tashrif buyurgani ma’lum bo‘lgandi. Sayyohlarning eng yirik oqimi 1 mln nafardan ortiq sayyoh bilan Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi.