Avvalroq turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, O‘zbekistonda yangi milliy turizm brendi (tanitish belgisi) yaratiladi. Uning maqsadi turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini mustahkamlashga qaratilgan.
Turizm qo‘mitasi joriy yilning 1-oktabrigacha yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov o‘tkazadi. 2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusi tashkil qiladi.
2024−2025 yillarda auditoriyasi 10 mlndan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlar mamlakatga jalb qilinadi.
Shuningdek, 2025-yildan O‘zbekistonda biznes tadbirlarni tashkil qilgan tadbirkorlarga 2028-yilgacha soliq stavkalari pasaytiriladi. Bunda tadbirga kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi jalb qilinishi hamda 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Natijada, tadbirkorlar mazkur biznes tadbirlarini tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini bu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50%ga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.
Joriy yilning iyun oyida prezident mutasaddilarga 1-oktabrgacha “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.
Avvalroq turizm sohasida oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.