10-iyul kuni “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi
Hujjat bilan, 2024/2025 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bund, o‘quv jarayoni “blok-modul” tizimiga asoslangan dual ta’lim shaklida tashkil etiladi. Jarayonning nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushi quyidagicha bo‘lishi kerak:
- 1-bosqichda — 80% nazariy va 20% amaliy;
- 2-bosqichda — 50% nazariy va 50% amaliy;
- 3-bosqichda — 30% nazariy va 70% amaliy.
1-avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027-yilgacha turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarning amaliyot bazalarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘i mazkur soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50%ga kamaytirilgan stavkada to‘lanadi.
2025/2026 o‘quv yilidan Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasida mehmonxonalar va restoranlar uchun yuqori malakali xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yilning 1-martigacha “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi professional ta’lim muassasalariga xalqaro darajada tan olingan ta’lim dasturlarini “franshiza” asosida joriy etish choralari ko‘riladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:
- 2024/2025 o‘quv yiligacha turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalari bo‘yicha oliy ta’lim dasturlarini jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli OTMlarning ta’lim dasturlari asosida qayta ko‘rib chiqadi;
- turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalariga oid oliy ta’lim yo‘nalishlarining dual ta’lim shakli bo‘yicha Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi malaka talablari hamda ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi;
- belgilangan OTMlar huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha kurslarni tashkil etadi.
Restavratorlarni qayta o‘qitish va malakasini oshirish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi tashkil qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida o‘quv dasturlari jahon reytingida birinchi 100talikka kiruvchi ta’lim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtirilishi aytildi.
Avvalroq turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.