“EastFruit” tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlarida tarvuz bozorida murakkab vaziyat yuzaga kelgan.
Mazkur poliz ekini yetishtiruvchilari tarvuzga talab yo‘qligidan shikoyat qilishmoqda, xususan, ularni terib olmasdan dalalarda qoldirishga majbur bo‘lishmoqda. Ayrim ishlab chiqaruvchilar esa tarvuzlarni faqat chorva mollarini boqish uchun yig‘ib olishmoqda.
Monitoring O‘zbekiston bozorida yangi tarvuzning kichik ulgurji narxlari hozirda rekord darajada past bo‘lib, har bir kilogramm uchun 8 sentni tashkil etishini ko‘rsatdi. Biroq, bu allaqachon tanlab olingan, bozorga yetkazib berilgan va sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar uchun narxdir. Pastroq narxda tarvuz savdosi shunchaki foydasiz bo‘lmoqda.
Narxlarning pasayishi va O‘zbekistonda tarvuzga deyarli talab yo‘qligining asosiy sabablaridan biri uni asosiy bozor — Rossiyaga eksport qilishning foydasizligi. Rossiyada tarvuz narxi rekord darajaga tushib ketdi va ayni vaqtda mamlakatda tarvuzning ulgurji narxi taxminan uni O‘zbekistondan jo‘natish narxiga teng.
“O‘zbekistondan Sharqiy Yevropa va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tarvuz eksporti joriy mavsumda qiyin kechmoqda, chunki bu hududlarda narxlar juda past. Xususan, Ukrainadagi fermerlar tarvuzning ortiqcha ishlab chiqarilishi va ommaviy yig‘im-terim mavsumi boshlanishidan oldin ham narxlarning arzonlashishiga duch kelgan”, — deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) sarmoyaviy departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak.
Uning qayd etishicha, narxlar qulashi bois, Ukraina va O‘zbekistonda tarvuz narxidagi farq transport xarajatlarini qoplamaydi. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun O‘zbekistondan olib o‘tishdan ko‘ra, Ukrainadaт arzon tarvuz sotib olish foydaliroq, deydi u.
Meva-sabzavot biznesi bo‘yicha xalqaro ekspert Baxtiyor Abduvohidov Tojikistonda ham vaziyat shunga o‘xshashligini qayd etadi.
“Fermerlar kichik tarvuzlarni hammaga bepul tarqatishmoqda, lekin katta tarvuzlarni hech bo‘lmaganda biron bir narxda sotish mumkin”, — deya qayd etdi Abduvohidov.
Bozorning ayrim ishtirokchilari yaqin kelajakda Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yuqori sifatli tarvuz narxi biroz tiklanishi mumkinligini istisno qilmaydi. Bu anomal issiq ob-havo bilan bog‘liq bo‘lib, hosilning bir qismini yo‘qotish yoki sifatining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, qarama-qarshi fikr mavjud — tarvuzni ommaviy yig‘ish faqat 2−3 hafta ichida boshlanadi, bu esa Ukraina bozorida narx darajasini yanada pasaytirishi mumkin.