Joriy yilning olti oyida 63,6 ming nafar fuqaro xorijiy davlatlarda manzilli va tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqarolar asosan, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ruminiya kabi 10dan ortiq mamlakatlarga ishga jo‘natilgan.
O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha 48ta shartnoma imzolanib, 309ta kelishuv amalga oshirildi.
Yanvar-iyun oylarida 154 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan, 31 876 nafar fuqaro kasbga hamda chet tili kurslariga jalb qilingan.
Bu davrda Rossiya, Qozog‘iston, Koreya hamda Turkiyada ishsiz qolgan 2454 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Agentlik tomonidan xorijdagi 132,7 ming nafar fuqaroga maslahat xizmati, 3,1 ming nafariga huquqiy, 2,9 ming nafariga ijtimoiy hamda 1,6 ming nafariga moddiy yordam ko‘rsartildi.
Ish beruvchilar tomonidan to‘lanmayotgan $376,6 ming miqdoridagi ish haqi va pullik kompensatsiyalar undirib berildi.
Shuningdek, olti oyda 9,1 ming nafar mehnat migranti hayoti va sog‘lig‘i, mikroqarz kafolati va tavakkalchiligi sug‘urta qilindi. Jumladan, 1,3 ming nafariga mikroqarz ajratilgan.
O‘zbekistondagi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlar
Joriy yilning aprel oyida mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilashga qaratiligan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarni qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, 1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Bunda, xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilmoqda. Kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Migratsiya bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilingan pedagoglarga 100%gacha ustama beriladi. Kasblar bo‘yicha ta’lim oluvchilarning chet tilidan sertifikati mavjud bo‘lsa, sarflangan xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.
O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkin. Mamlakat haydovchilik, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalardagi 130 mingdan ortiq ishchi kuchini O‘zbekistondan jalb qilmoqchi.
Bandlik vazirligi fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Unda boquvchisi xorijga ishlashga ketgan oilalarga moddiy yordam berish ilgari surilmoqda.