Statistika agentligi joriy yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda qancha avtomobil ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.
Yanvar-iyun oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 190 336 donani tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7%ga ko‘p.
Eng ko‘p ishlab chiqarilgan model 72 948 dona bilan “Chevrolet Cobalt” bo‘ldi. Ishlab chiqarish hajmi esa +47,5%ga oshgan.
Undan keyingi o‘rinlarda 38 953 dona (+11,5%) avtomobil bilan “Damas”, 21 497 dona (+42,6%) avtomobil bilan esa “Tracker” turibdi.
Ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalashtirilayotgan “Lacetti-Gentra” o‘tgan yilga nisbatan qariyb 66%ga kamaydi — yarim yilda 12 635 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.
Bundan tashqari, mazkur avtoulovlar qatorida “Onix” (17 432 dona), “KIA” (9 270 dona), “Chery” (4 160 dona), “Haval” (542 dona) hamda “Exeed” (95 dona) ham bor. Maxsus yengil avtomobillar soni 12 084 donani (+8,7%) tashkil etgan.
Avvalroq Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida “BYD Seagull” va “E2” elektromobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.