Marg‘ilon shahrida 7,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan korxona aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Marg‘ilonda faoliyat yuritayotgan “Sh.I.D.” MChJning qurilmalari gaz hisoblagichdan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 7,14 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Bundan tashqari, Xorazm viloyatining Xonqa tumanida faoliyat yurituvchi “A.B.” fermer xo‘jaligi jami 694,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Fermer xo‘jaligi suv nasoslarini elektr hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘llar bilan tarmoqqa ulagan.
Farg‘ona tumanida joylashgan “A.V.” fermer xo‘jaligi ham suv nasoslarini tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 254,6 mln so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan YTT A.A. o‘ziga tegishli elektr qurilmalarini tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulagani ma’lum bo‘ldi. Natijada, jami 173,1 mln so‘mlik elektr energiyasi noqonuniy foydalanilgan.
Angor tumanida faoliyat yurituvchi “A.K.S.K” MChJ elektr energiyasi tariflari bo‘yicha noto‘g‘ri hisob-kitob qilinishi sabab, ta’minot korxonasiga jami 497 mln so‘mlik zarar yetkazdi.
Jarqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlarida esa “Q.Z.K.” va “Z.P.” fermer xo‘jaliklari suv nasoslarini elektr hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘llar bilan tarmoqqa ulab, 168,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida fuqaro O.Sh. quvvati 50 kVt bo‘lgan 3ta artezian suv nasosini elektr hisoblagichsiz, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, 3,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi.
Farg‘ona viloyatidagi 5ta nonvoyxona esa 771 mln so‘mdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Avvalroq Buxoro tumanida 3,9 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaliklari aniqlangani haqida xabar berilgandi.