Ayrim fuqarolarni ID-karta yoki biometrik pasportni almashtirishda davlat bojidan ozod etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi yaxshilanishi sabab, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Senatorlarning fikricha, qonun aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish, inson huquqlari hamda ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilishga xizmat etadi.
Joriy yilning 1-oktabridan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Kelasi yilning 1-aprelidan bosqichma-bosqich nogironlikni, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan fuqaro holatini tasdiqlash Ijtimoiy karta orqali amalga oshiriladi.