O‘rikzor savdo majmuasi faoliyat yurituvchi do‘konda kontrafakt mahsulotlar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 27-iyun kuni vazirlikka BAAning “Naseem Al Hadaeq Parfumes” kompaniyasi tomonidan murojaat yuborilgan. Unda kompaniyaga tegishli “Lamsa”, “Bushra” hamda “Naseem” tovar belgilaridan noqonuniy foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar sotilayotganligi bildirilgan.
Unga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik tomonidan O‘rikzor savdo majmuasida faoliyat olib boruvchi “P.Sh” MChJda tekshiruv o‘tkazildi.
Natijada haqiqatdan ham “P.Sh” tomonidan “Lamsa”, “Bushra” hamda “Naseem” belgilaridan bir xil tarzda foydalanilgan holda tayyorlangan kontrafakt kosmetika vositalari sotilayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan korxonaga nisbatan qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma ta’sir chorasi qo‘llanildi. Vazirlik huquqbuzarga kontrafakt mahsulotlarni savdodan olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni berdi.
Vazirlik “Lamza”, “Bushra” hamda “Naseem” tovar belgilari ostidagi asl mahsulotlar qadog‘idagi Qr-kodni skanerlanganda ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishini, kontrafakt mahsulotdagi QR-kod ishlamasligini eslatib o‘tdi.
Tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalaridan, o‘rovlaridan qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanadi.
Kontrafakt mahsulotlarni tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Avvalroq “Moxito” tovar belgisidan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yilgandi. Farg‘onada korxona huquq egasining ruxsatisiz tovar belgisidan foydalanib kelganligi aniqlandi.