Karmana tumanida yashovchi, 2003-yilda tug‘ilgan G‘.Y. notkoin sotgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Kun.uz” nashri xabar bermoqda.
Nashrning o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, joriy yilning 28-iyun kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan fuqaro arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan.
Jarayonda G‘.Y.ga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanilgani aniqlangan.
Sud majlisida G‘.Y. aybini tan olib, kripto-aktivni “Telegram"da yig‘ganini, 20 ming dona notkoinni $150 evaziga sotganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, yigit bu qilmishi noqonuniy ekanini bilmaganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
JIB Chilonzor tuman sudining 23-iyuldagi qarori bilan G‘.Y. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda unga nisbatan 10 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan telefon apparati tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yanvar oyida qo‘shilgan va aprel oyidan kuchga kirgan 155−4-moddasida kripto-aktivlarni noqonuniy olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash bilan bog‘liq javobgarlik belgilangan. Unda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq yoki BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (6,8−10,2 mln so‘m) jarima solish nazarda tutilgan.
Avvalroq surxondaryolik talaba ham notkoin sotgani uchun 10 sutkaga qamalgandi. U “Telegram” orqali kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangan va ularni 800 ming so‘mga sotgan.