Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda Rossiya parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Yangi tartib hujjatlari muddati o‘tgan yoki bekor qilingan yokida huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarga nisbatan tatbiq etiladi”, — dedi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin.
Migrantlarni chiqarib yuborish haydash va deportatsiya bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. Yangi rejimni qo‘llash tartibi Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Chet elliklarni chiqarib yuborish nazorat qilinadigan shaxslarning maxsus reyestriga kiritiladi. Ulardan Ichki ishlar vazirligiga qayerdaligi va Rossiyadan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlar to‘g‘risida ma’lumot berish talab etiladi.
Nazorat ostidagi shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
- yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatga olish;
- ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish;
- transport vositalarini boshqarish va haydovchilik guvohnomasi imtihonlarini topshirish;
- bank hisobvaraqlarini ochish va ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirish;
- nikohni rasmiylashtirish.
Xabardor qilinmagan taqdirda, migrantlarni deportatsiya bilan maxsus muassasaga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Politsiya chet el fuqarosini chiqarib yuborish rejimida yashaydigan binolarga kirish huquqiga ega hamda davlat idoralari va banklardan bunday shaxslar to‘g‘risida ma’lumot so‘rashi mumkin bo‘ladi.
Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) deputati Sergey Karginov migrantlarning noqonuniy yashash joyi haqida xabar berganlik uchun 100 ming rubl miqdorida “rag‘batlantirish tizimi"ni joriy etishni taklif qildi. Uning aytishicha, bu odamlarni huquq-tartibot idoralarini migrantlar haqida xabardor qilishga undaydi.
Bundan tashqari, LDP rahbari Leonid Slutskiy rus tilini bilmaydigan migrantlarni deportatsiya qilishni taklif qildi. Rossiyaga til va tarixni biladigan “faqat talabga ega mutaxassislar” kelishi kerak, deb hisoblaydi u.
“Rossiyaga aldov yo‘li bilan kirganlar budjetimizga zarar yetkazmasdan oldin zudlik bilan deportatsiya qilinishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Slutskiy.
Dumada migratsiya bilan bog‘liq jami 25 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Ulardan biri vizasiz vaqtincha bo‘lish muddatini joriy 180 kun o‘rniga yiliga 90 kungacha qisqartiradi. Shuningdek, noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Avvalroq xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $380 mingga yaqin pullari undirib berilgani haqida xabar berilgandi. Yanvar-iyun oylarida 63,6 ming nafar fuqaro xorijiy davlatlarda manzilli va tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirilgan.