Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Yuksalish” harakati bilan subsidiya olish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi matbout kotibi Sherzod Saparov xabar berdi.

Anonim so‘rov “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida fuqarolar fikrlarini bilish maqsadida tashkil etilgan.

Unda subsidiya haqida xabardorlik, uni olish talablari va jarayoni, shuningdek, subsidiya miqdori kabi savollar keltirilgan.

Ishtirokchilar javoblari orqali subsidiya berish tizimini yaxshilash va uni samarali qilishga erishish belgilangan.

So‘rovnomani joriy yilning 25-iyuligacha havola orqali to‘ldirish mumkin.

Ipoteka kreditiga subsidiyani qanday olish mumkin?

Joriy yilning 15-mayidan ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi.

Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Arizalar 19 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

2024-yil uchun mamlakat bo‘yicha 27 mingta subsidiya ajratilishi belgilangan. Shundan 20 mingta subsidiya yangi uy-joy sotib olish, 7 mingtasi esa uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga ajratiladi.

Subsidiyalar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15%i miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12%dan oshgan qismiga to‘lanadi.

Boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga subsidiyalar joriy yildan boshlab 30 mln so‘mni tashkil etadi.

Ipoteka sertifikatining amal qilish muddati — 4 oy. Agar undan o‘z vaqtida foydalanilmasa, ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun qayta ariza berish mumkin bo‘ladi. Joriy yilgi dasturda arizalar 1-noyabrgacha qabul qilinadi.

“Spot” arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etdi.


Avvalroq tadbirkorlar o‘rtasida narxlar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Uning asosida tovar va xizmatlar bozorida iste’mol tovarlarining tannarxini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.