Shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
23-iyul kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun muhokama qilindi.
Shaharsozlik sohasini takomillashtirish va uning faoliyati obyektlarining seysmik xavfsizligini ta’minlashda tizimli choralar ko‘rilayotganiga qaramay, shaharsozlikka oid qonunchilik talablari buzib kelinayotgani ta’kidlandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda 30,5 mingta, 2022-yilda 32,5 mingta va 2023-yilda 36,2 mingta obyekt qurilishi ishlari ustidan davlat nazorati o‘rnatilgan.
Mazkur obyektlarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bo‘yicha 2021-yilda 3,1 ming, 2022-yilda 6,1 ming va 2023-yilda 7,6 ming nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Shulardan kelib chiqib mazkur qonun ishlab chiqildi hamda unda Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari, shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksning 2293-moddasi quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutgan holda o‘zgartiriladi:
- qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik;
- obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurish;
- ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzib, o‘zgartirish va rekonstruksiya qilish va boshqa harakatlar.
Bundan tashqari, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun normalarini buzib, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hamda yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun jarima jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun amalda belgilangan jarima jazolari kuchaytiriladi. Qonun binolar va inshootlar noqonuniy qurilishining oldini olishga va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Avvalroq Qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Noqonuniy qurilishlarni aniqlashda inspeksiyaning texnik vositalar, jumladan, dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.