“Yandex Uzbekistan” uchun pullik amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Unda talabalar va boshlang‘ich darajadagi IT-mutaxassislar frontend va bekend, ma’lumotlar tahlili va testlash yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin.
Amaliyot kompaniyaning Toshkentdagi ofisida o‘tkaziladi hamda 3 oydan 6 oygacha davom etishi mumkin.
Qabul qilinganlarga amaliyot davomida ish haqi beriladi hamda ishtirokchilar yirik IT-kompaniyalarda hal qilinadigan real vazifalar ustida ishlashadi.
Shu bilan birga, har bir amaliyotchiga “Yandex"ning tajribali mentori bekitiladi hamda u ishtirokchilarga moslashishga yordam beradi va amaliyot davomida kuzatib boradi.
Nomzodlar asosiy algoritmlar va ma’lumotlar tuzilmalarini bilishlari va dasturlash tillaridan birida kod yozish qobiliyatiga ega bo‘lishlari kerak.
Yo‘nalishlarga qarab qo‘shimcha talablar mavjud. Masalan, tahlilchi matematik statistika bo‘yicha tushunchaga ega bo‘lishi va Python tilini bilishi kerak, testlovchi esa testlash nazariyasini bilishi va uni amalda qo‘llay olishi zarur.
Amaliyotda ishtirok etish uchun birinchi bosqichda yo‘nalishni tanlab olish talab etiladi. Shundan so‘ng, sayt orqali onlayn ariza topshiriladi.
Undan keyingi bosqichda test topshirig‘ini bajarish va muvaffaqiyatli suhbatdan o‘tish kerak. Yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar kompaniyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq fintex sohasi bo‘yicha startap tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda ishtirok etish uchun arizalarni 1-sentabrgacha jo‘natish mumkin.