25-iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavka 0,5% bandga pasaytirilib, yillik 13,5% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasi energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘layotganligini ko‘rsatib, yil yakunida inflyatsiya prognoz koridorining quyi chegaralarida shakllanishi bo‘yicha ishonchni oshirmoqda.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ishlab chiqarishning ijobiy tafovutining qisqarib borishiga va talab tomondan inflyatsion bosimning pasayishiga xizmat qilmoqda. Asosiy stavka inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini hisobiga pasaytirildi.
Iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6% darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9%ga teng bo‘ldi va yil boshidan 2,6% bandga pasaydi. Bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.
Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar ta’sirining kutilganidan pastroq bo‘lishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. 2024-yilda umumiy inflyatsiya 9% atrofida bo‘lishi (oldingi prognozda 9−11% edi), 2025-yil oxirida esa 5%lik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.
2024-yilning II choragida iqtisodiy o‘sish tezlashishda davom etib, I yarim yillikda iqtisodiyot real hisobda 6,4%ga o‘sdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohalaridagi yuqori faollik iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy kapital qo‘yilmalari yalpi investitsion talabning oshishida muhim omildir. Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilganiga qaramay, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.
Yil yakuni bo‘yicha real YaIM o‘sishi prognozi 5,7−6,2%gacha yetishi mumkin. Bu yilning ikkinchi yarmida ham yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining saqlanib qolishi bilan bog‘liq.
Aholi va tadbirkorlar xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida yalpi iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi prognoz qilinmoqda.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolishi talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydi. Natijada, 0,5−0,6%lik YaIM ijobiy tafovutining yil yakunigacha yopilishi va inflyatsiyaga oshiruvchi ta’siri pasayishi kutilmoqda.
Asosiy savdo hamkorlardagi yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda jahon narxlarining qulay konyunkturasi sharoitida eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmlarining dastlabki prognozlarga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi taxmin qilinmoqda.
Joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bank tizimi umumiy likvidligi, jamg‘armalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, so‘mda jamg‘arish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlab boradi.
Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasi davom etishi bo‘yicha ayrim noaniqliklar hamda xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bog‘liq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha kelgusi davr ma’lumotlari asosida qabul qilinadi.