Avvalroq nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar yaratish talabi kiritilgan litsenziyalanadigan faoliyat turlari belgilab berilgan.
Bunga quyidagilar kiradi:
- maktabgacha ta’lim (oilaviy bolalar bog‘chalaridan tashqari);
- umumiy o‘rta ta’lim;
- o‘rta maxsus va professional ta’lim;
- oliy ta’lim;
- oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
- avtomaktab;
- bank;
- kredit byurolari;
- tibbiyot muassasalari;
- dorixonalar va tibbiy buyumlar do‘koni (oftalmologiya tibbiy buyumlarini chakana realizatsiya qilish mustasno).
Joriy yilning 10-avgustidan muntazam ravishda mukammal va joriy ta’mirlashga tushgan ko‘p kvartirali uylar nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun moslashtiriladi.
Bunda uylarning asosiy kirish yo‘laklaridan liftgacha bo‘lgan qismi belgilangan talablar asosida pandus bilan ta’minlanadi.
2025-yilning 1-oktabrigacha imkoniyati cheklangan shaxslar uchun xorijiy tajriba asosida universal loyihalashtirish bo‘yicha normativ-texnik hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Buning uchun Jahon banki mablag‘lari jalb qilinadi.
Bundan tashqari, har bir hududda 2026-yilgacha 100tadan umumfoydalanishdagi hojatxonalar nogironligi bo‘lganlarning to‘siqsiz foydalanishlari uchun jihozlanadi.
Avvalroq o‘zgartirishlar bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan ID-karta yoki biometrik pasportni almashtirishda davlat bojidan ozod etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.