Birinchi yarim yil yakunida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan atigi 1,63%ga zaiflashdi. Shu bilan birga, yanvar-iyun oylarida iste’mol narxlari 5%dan ortiqqa o‘sdi, bu esa so‘mning real ayirboshlash kursi mustahkamlanganini bildiradi. Kuchli milliy valyuta sharoitida import arzonlashadi, eksport esa kamroq jozibador bo‘ladi.

Bundan tashqari, iyun oyida so‘mning AQSh valyutasiga nisbatan biroz mustahkamlanishi (revalvatsiyasi) kuzatildi — 0,5% atrofida. Shu oyda milliy valyuta arzonlasha boshladi, biroq dollar kursining umumiy o‘sishi 100 so‘mdan oshmadi.

“Spot” dastlabki yarim yillikda so‘m devalvatsiyasining past darajasi sabablari, milliy valyutaning mustahkamlanish riski va 2024-yilning ikkinchi yarmidagi kurs kutilmalarini o‘rganish maqsadida iqtisodchi va tahlilchilar bilan suhbatlashdi.

O‘zbek so‘mini nima qo‘llab-quvvatlaydi?

“Kap Depo” investitsiya kompaniyasi katta tahlilchisi Shodibek Kenjayevning fikricha, yilning birinchi yarmidagi devalvatsiya sur’atini tarixiy ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda past, deb hisoblash mumkin. Uning qayd etishicha, ikkinchi chorakda dollar kursi barqaror saqlanib qolgan, iyun oyida esa so‘m 0,5%ga mustahkamlangan.

Mutaxassis devalvatsiyaning past sur’atini umumiy qiymati $1,5 mlrdlik yevroobligatsiyalarning chiqarilishi, iyun oyidagi deflyatsiya (-0,24%), Markaziy bankning barqaror valyuta intervensiyalari, shuningdek, ikkilamchi ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida faollikning barqarorlashuvi bilan izohlaydi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov pandemiyadan keyin valyuta kursi hozirda “unchalik standart bo‘lmagan holatni” ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi. COVID-19 davrida o‘zbek so‘mi Markaziy bank tomonidan keng miqyosda oltin savdosi, 2022-yilda esa Rossiyadan eksport va pul o‘tkazmalarining sezilarli o‘sishi bilan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘tgan yili Rossiya rublining pasayishi milliy valyuta kursining 9,9%ga qadrsizlanishiga olib keldi, bu yillik inflyatsiya darajasi (8,77%) bilan taqqoslanishi mumkin.

“O‘ylaymanki, bu yildagi biroz devalvatsiya (hatto yil o‘rtalarida so‘mning mustahkamlanishi) davlatning tashqi bozorlardagi kreditlari, oltin savdosi va umumiy eksport hajmining o‘sishi bilan izohlanadi. Ammo batafsilroq tahlil qilish uchun kech e’lon qilinadigan statistik ma’lumotlar yetarli emas. Kutish kerak”, — deydi Yusupov.

O‘z navbatida, “Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov dollar kursining yillik o‘zgarishi 9,9%ni, o‘rtacha yillik o‘zgarish esa 10%dan oshib ketishini qayd etdi. Uning fikricha, 10%lik devalvatsiya darajasi Markaziy bank uchun ichki nishondir.

U so‘mni qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida regulyatorning inflyatsiyani targetlash siyosati, jahonda oltin narxining yuqoriligi, transchegaraviy o‘tkazmalarning qisman tiklanishi va importning mo‘tadil o‘sishini ta’kidlaydi.

Kelajakda qanday xatarlar bor?

O‘zbek so‘mining past darajada zaiflashuvining ijobiy ta’siriga qaramay, Shodibek Kenjayev “yaqin kelajakda valyuta kursining keskin o‘sishida” namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomutanosibliklarning to‘planishi mumkinligini keltirmoqda. Bu holatda, u kuzgi inflyatsiya natijasida milliy valyutaga “sezilarli bosim” yuzaga kelsa, Markaziy bankning asosiy stavkasi 17%gacha oshishini kutmoqda.

“Mening kutilmalarimga ko‘ra, joriy yilning kuzida bir AQSh dollari uchun 13 ming so‘m kursi juda katta ehtimoliy ssenariy, chunki joriy effekt vaqtinchalik hisoblanadi. Zaiflashuvning asosi hozirgi vaqtda oltin sotish bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan tashqi savdodagi salbiy saldoning o‘sishi, shuningdek, Rossiya valyutasining 2024-yil noyabr-dekabr oylariga qadar bir dollar uchun 95−100 rublgacha zaiflashishi bo‘yicha kutilmalar hisoblanib, bu, o‘z o‘rnida, real samarali ayirboshlash kursiga bosim o‘tkazadi”, — dedi Kenjayev.

Yuliy Yusupov so‘m va dollar o‘rtasidagi kuchli kursdan manfaatdor sifatida Moliya vazirligini alohida ta’kidlaydi, chunki bu xorijiy valyutada qarz olishni arzonlashtiradi. So‘m qanchalik kuchli bo‘lsa, tashqi kreditlarni berish shunchalik arzon bo‘ladi, deya ta’kidlaydi u.

Iqtisodchi ko‘plab omillar, jumladan, subyektiv omillar tufayli valyuta kursining o‘zgarishini prognoz qilishdan bosh tortdi. Biroq, uning fikricha, joriy yilning ikkinchi yarmida devalvatsiya tezlashishi mumkin.

Risk omillari qatoriga import va xorijiy valyutaga talabning ortishi, shuningdek, Rossiya rublining zaiflashishi oqibatida eksport va mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalarini kamaytirishi kabilarni kiritish mumkin.

Shodlik Nazarov uzoq muddatli istiqbolda milliy valyutaning o‘rtacha devalvatsiyasini kutmoqda, bu eksport yoki transchegaraviy transferlar hisobiga to‘liq qoplanmagan savdo defitsiti tufayli yuzaga keladi.

O‘zbek so‘mi barqarorligini ta’minlovchi asosiy omil Markaziy bankning valyuta intervensiyalari siyosati bo‘lib, uning o‘zgarishi valyuta kursining keskin o‘sishiga olib kelishi mumkin. Biroq, tahlilchi regulyatorning valyuta siyosatidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadigan hech qanday signalni ko‘rmayapti.