Sirdaryodagi “Asaka Motors” avtozavodida “Hyundai” avtomobillarini ishlab chiqarish boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning aprel oyida Janubiy Koreya kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgandi. Sirdaryo tumanidagi avtomobil zavodida ishlab chiqarishning birinchi bosqichi may oyida boshlanishi kerak edi.
Zavodda “Elantra” va “Sonata” sedanlari, “Palisade”, “Santa Fe” va “Tucson” krossoverlari, shuningdek, “Staria” mikroavtobuslarini yirik blokli yig‘ish amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur avtomobillar sotuvi, dilerlik markazlarni rivojlantirish va servis jarayonlari bilan “Astana Motors” shug‘ullanadi.
Yil yakunigacha zavodda kavsharlash, bo‘yash va yig‘ish texnologik jarayonlari bo‘yicha ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan ishlarni yakunlash rejalashtirilgan.
Ushbu bosqich doirasida avtokomponentlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, jumladan, viloyat hududida butlovchi detallar ishlab chiqarish bo‘yicha klaster qurish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, klasterning zavod yaqinida joylashishi butlovchi detallar logistikasi bilan bog‘liq xarajatlar va vaqtni qisqartiradi.
Avvalroq yanvar-iyun oylarida yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi 18%ga oshgani haqida xabar berilgandi.