23-iyul kuni zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan 2026-yilgacha Buxoro va Namangan viloyatlarida bittadan hamda Toshkent shahrida ikkita zargarlik markazlari tashkil etiladi. Bu markazlarda tadbirkorlar uchun zarur infratuzilma yaratiladi.
2025-yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlari $1 mlrdga va eksport ko‘rsatkichi $100 mlnga yetkaziladi.
Kelasi yilgacha zargarlik markazlarini tashkil etish uchun ko‘chmas mulk obyektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlarga bo‘lgan holda tadbirkorlarga va banklarga realizatsiya qilish choralari ko‘riladi. Bunda obyektlar uzoq muddatli ijaraga yoki mulk huquqi asosida, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida beriladi.
Ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi. 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga yillik 3% miqdorida foiz hisoblanadi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar “Olmaliq KMK” va “Navoiy KMK” tomonidan uzluksiz ravishda zarur miqdordagi qimmatbaho metallar bilan ta’minlanadi.
Joriy yilning 1-sentabridan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga mazkur aksiyadorlik jamiyatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100% oldindan to‘lov bilan qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirib, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
2024-yilning 1-oktabridan 2027-yilning 1-oktabrigacha zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Joriy yilning may oyida zargarlik uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish soliqdan ozod qilindi. Bu bo‘yicha prezident tegishli qonunni imzoladi.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, O‘zbekistonda qazib olingan oltinning atigi 6%i qayta ishlanadi. Mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.