Avvalroq zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-avgustidan xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda yig‘im undiriladi. Uning miqdori BHMning 1 baravarini (340 ming so‘m) tashkil etadi.
1-oktabrdan 2027-yilning 1-oktabrigacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi. Bu belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan amal qiladi.
“Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida norezidentlar tomonidan mamlakat hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmaydi.
2024-yilning 1-noyabridan chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda sotish taqiqlanadi.
Mazkur tartib buxgalteriya hisobi qonunchiligiga muvofiq joriy yilning 1-sentabrigacha rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etiladi.
Jismoniy shaxslar tarkibida 200 grammgacha kumush yoki 65 grammgacha oltin va boshqa qimmatbaho metallar bo‘lgan zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqishlari mumkin. Mazkur miqdordan yuqori bo‘lganda esa, deklaratsiya rasmiylashtirilishi kerak.
2027-yilgacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20%dan 10%gacha kamaytiriladi.
Bundan tashqari, 2025-yilgacha Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida zargarlik buyumlarining asilligini tezkor tekshirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi shoxobchalar tashkil etiladi.
Joriy yilning may oyida zargarlik uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish soliqdan ozod qilindi. Bu bo‘yicha prezident tegishli qonunni imzoladi.