Joriy yilning birinchi yarnida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 25-iyul kuni bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.
Olti oyda xorijdan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari hajmi $6,5 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25%ga o‘sgan.
Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmi ikki yil avvalgi 82%dan 77%ga pasaydi. Yarim yilda mamlakatdan $4,95 mlrd miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan.
Undan keyingi o‘rinlarda $347 mln bilan Qozog‘iston $271 mln bilan AQSh (+43%) turibdi. Shuningdek, bu davrda Janubiy Koreyadan va Polshadan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb ikki barobarga, Germaniyadan 64%ga oshgan.
Markaziy bank raisining qayd etishicha, joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari yil boshidagi prognozga nisbatan ikki barobar yuqori bo‘lgan.
“Ushbu omillar mehnat migratsiyasidagi diversifikatsiyani ma’lum jihatdan davom etayotganini ko‘rsatib turibdi”, — deya qayd etdi Mamarizo Nurmuratov.
2023-yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi deyarli ikki barobarga kamaydi. Bunga rublning o‘zgaruvchanligi, inflyatsiyaning o‘sishi hamda migratsiya oqimining qisqarishi ta’sir qilgan.