Markaziy bank onlayn kredit berish bo‘yicha talablarni kuchaytirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
“Onlayn kredit olish masalasidagi firibgarlik bizni juda o‘ylantirayotgan masala. Nafaqat bizni, balki butun dunyo markaziy banklarini o‘ylantirayotgan masaladir. Biz qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritdik. Iyul oyida bu o‘zgarishlar Senatda qabul qilindi”, — deydi Mamarizo Nurmuratov.
Nurmuratov bu bo‘yicha banklarga minimal talablar belgilanayotganini ta’kidladi. Bu fuqarolar tomonidan kredit rasmiylashtirilishini cheklab qo‘yish amaliyoti bo‘lib, tizim orqali banklarning kredit berish imkoniyati cheklanadi.
Bundan tashqari, kredit olish jarayonida haqiqatdan ham kreditni shaxsning o‘zi olishini tekshirish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Jarayon ikki usulda amalga oshiriladi. Birinchi usulda bevosita kredit olmoqchi bo‘layotgan shaxs xabardor qilish orqali, ikkinchi usulda kredit olish jarayonida haqiqatdan ham fuqaro tomonidan olinayotganiga ma’lum vositalar bilan rozilik berish tizimi orqali nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
“Bundan tashqari, bugun ham bu masala muhokama qilindi, bu doimo biz muhokama qiladigan masalalardan biri — banklarga ma’lum jihatdan shubhali tuyulgan operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish masalasi. Bu yerda nafaqat onlayn kredit olish, balki [fuqarolar o‘rtasidagi] pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish [masalasi] aytilmoqda. Bunda ikki tomonlama ta’siri bor. Bir tomondan ertaga [bu mavzu] muhokama qilinishi mumkin „bankning nima haqqi bor, mening pulimga xo‘jayinlik qilishiga“ deb. Ikkinchi tomondan, ma’lum jihatdan, biz himoya qilayotganimizni tushuntirishimiz qiyin bo‘ladi. Yana to‘lovlarning o‘tishida kechikish bo‘ladi — onlayn degan prinsipni ma’lum jihatdan buzgan bo‘lamiz”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, onlayn kredit bilan shug‘ullanuvchi banklarda har kuni 10−15 mingta operatsiyalar amalga oshiriladi. Bu eng tez o‘suvchi bank mahsulotlaridan birining tahlili. Bu bo‘yicha raqamli banklar bilan ham ish olib borilmoqda.
“Kredit olishning qayta tasdig‘ini o‘rganish bo‘yicha, menimcha, yaqin orada bizning [Markaziy bank] ko‘rsatmamiz — qanday minimal talablar qo‘yayotganimiz tijorat banklariga yetkaziladi. Bu doimo bizni o‘ylantiradigan juda muhim masala. Biz bu bo‘yicha ishlayapmiz”, — deya xulosa qildi regulyator raisi.
Joriy yilning aprel oyida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Hujjatda fuqarolar o‘rtasidagi shubhali pul o‘tkazmalarini nazorat qilish taklif etilgandi.
Avvalroq birinchi yarim yillikda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25%ga o‘sgani haqida xabar berilgandi.