“ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov Markaziy bankning aholiga avtokreditlar berishdagi “ochiqlanmagan cheklovlar"ini tanqid qildi. Bu haqda u 26-iyul kuni avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, 2023-yilda 405 mingta avtomobil sotilgan bo‘lib, “ADM Jizzakh” hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan avtokreditlash shartlarining kuchaytirilishi ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishiga va sotuv hajmining 15%ga — 350 ming donaga qisqarishiga olib keladi.
“Biz [davlatdan] avtomobil kreditlarini [aholiga ajratish] nuqtayi nazaridan ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashini so‘raymiz, chunki bugungi kunda Markaziy bank xaridorlarga avtokreditlar berish bo‘yicha ochiqlanmagan cheklovlarni joriy etgan”, — deya Doniyor Davletiyarov tijorat banklari avtokreditlarga yuqori kredit xavfini berishini qayd etdi.
Avtomobil zavodi bosh direktorining aytishicha, Qozog‘iston va Rossiyada banklar portfelidagi avtokreditlarning ulushi 80%dan oshadi. Biroq, O‘zbekistonda “Markaziy bankning ochiqlanmagan cheklovlari” tufayli ular nisbati yil davomida ikki baravarga — 60%dan 30%ga kamaydi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida ajratilgan avtokreditlar hajmi qariyb ikki baravarga — 4,23 trln so‘mgacha qisqargan.
“Bugungi kunda hech bir soha Markaziy bank nuqtayi nazaridan avtomobil sanoati kabi cheklanmagan”, — dedi u.
Bundan tashqari, Davletiyarov “ADM Jizzakh” avtomobil ishlab chiqarishni 9 ming donaga qisqartirishini aytib, “O‘zavtosanoat” tartibga solish cheklovlari tufayli katta salbiy oqibatlarga duch kelayotganini qo‘shimcha qildi.
Shu tariqa, avtomobil zavodi 1 trln so‘m soliqlarni to‘lamaydi va “mavjud bozorda yashash uchun kurash va kreditlarni to‘lashga” 500 nafar xodimni ishdan bo‘shatadi.
2023-yilning sentabrida Markaziy bank banklarga avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Shu tariqa, kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq risklar tufayli banklarning kredit portfelidagi avtomobillarni sotib olish uchun kreditlarning ulushi 25%dan oshmasligi kerak.
Yanvar oyida regulyator avtokreditlar uchun ipoteka kreditlariga nisbatan yuqori risklarni baholaganliklarini ta’kidlagandi. Markaziy bank departamenti rahbari Sanjar Nosirov avtomobil bozorida taklif cheklanganligi sababli narxlar sun’iy ravishda oshib ketishi mumkinligini qayd etdi. Bundan tashqari, bozor to‘yinganida, avtomobil narxi ko‘chmas mulkdan ko‘ra osonroq tushishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.
1-iyuldan Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini yanada kuchaytirdi. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit / garov” nisbati hisobga olinadi.
Avvalroq “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.