Hukumat qarori bilan issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50%ini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi.
Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- issiqxonalarga jalb qilinadigan xorijiy malakali agronomlar, entomologlar va laboratoriya mutaxassislari ro‘yxatini shakllantirish;
- malakali agronomlarning “yashil reyestri"ni yuritish;
- xorijiy mutaxassislarni jalb qilishda subsidiya ajratish uchun zarur hujjatlarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- issiqxonalarga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha monitoring olib borish.
Subsidiya Qishloq xo‘jaligi xizmatlari agentligining Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etiladi.
Uni barqarorlik reytingi “B” va undan yuqori bo‘lgan tadbirkorlar olishlari mumkin hamda subsidiya miqdori har bir mutaxassis uchun bir oyga $1 mingni tashkil etadi.
Subsidiya quyidagi nisbatlarda taqdim etiladi:
- “AAA” toifa — subsidiya miqdorining 100%i;
- “AA” toifa — subsidiya miqdorining 90%i;
- “A” toifa — subsidiya miqdorining 80%i;
- “BBB” toifa — subsidiya miqdorining 70%i;
- “BB” toifa — subsidiya miqdorining 60%i;
- “B” toifa — subsidiya miqdorining 50%i.i.
Shuningdek, issiqxonalar yer maydoni 1 gektardan 10 gektargacha bo‘lishi va sanoat usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi kerak. Tutash hududlarda joylashgan va umumiy maydoni 10 gektardan oshmaydigan bir necha issiqxona xo‘jaliklari o‘zaro kelishuv asosida xorijdan jalb qilingan malakali mutaxassis xizmatidan foydalanishi mumkin.
Talabgor xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilgandan so‘ng bir oy ichida tuman ishchi guruhga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali o‘zining shaxsiy identifikatsiya raqami, joylashgan joyi, xizmat ko‘rsatuvchi banki va hisobvarag‘i ko‘rsatilgan ariza bilan murojaat qiladi.
Yil boshida prezident issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Ixcham issiqxonalar qurishga garovsiz kreditlar ajratilishi belgilandi.
Aprelda aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni qurishga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
May oyida hukumat qarori bilan yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatishga hamda urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalarini xarid qilishga beriladigan subsidiyalar miqdori o‘zgartirildi.