Avval Raqobat qo‘mitasi “INSON” sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqarolarga sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganligi sababli ish qo‘zg‘atgandi.
Mazkur ish qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutaxassislari, “Inson” tashkiloti vakillari va murojaatchilar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasida jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlash majburiy sug‘urtaning asosiy tamoyili hisoblanishi keltirilgan.
Mazkur qonunning 8-moddasi bilan unda ko‘rsatilgan oqibatlardan tashqari hollarda jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zarar o‘rni qoplanishi kerak. Bu moddaga ko‘ra, shaxsning majburiy sug‘urta shartnomasiga kiritilmaganligi sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishga asos bo‘lmaydi.
Iste’molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi qoidalar haqida to‘liq ma’lumot berilmagani, iste’molchi maxsus bilimga va ma’lumotga ega emasligi tufayli yetkazilgan zararni qoplash talablaridan kelib chiqib, Maxsus komissiya “Inson” sug‘urta tashkilotini “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 5−19-moddalarini buzgan deb topdi.
Sug‘urtalovchi ilgari sug‘urta tovoni to‘lash rad etilgan 173 nafar fuqaroga sug‘urta tovonini to‘lab berishi kerak. Shuningdek, sug‘urta tashkilotiga qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun “AVO Bank"ni jarimaga tortgandi.