Joriy yilning birinchi yarmida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan tadbirkorlarga 17,1 trln so‘m miqdorida moddiy yordam taqdim etildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Xususan, 47 mingdan ortiq loyihalar qo‘llab-quvvatlanib, ularning 13,5 mingtasiga 10,4 trln so‘m kafillik, 33,5 mingtasiga 6,7 trln so‘m kompensatsiya, 49tasiga 35 mlrd so‘m miqdorida resurs hamda 3ta loyihaga 11,9 mlrd so‘m xizmatlar ipotekasi moliyaviy yordamlari taqdim etildi.
Ulardan hududlar kesimida eng ko‘p Xorazm (12%), Toshkent (10%), Buxoro (9%) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (9%) faoliyat yurituvchi tadbirkorlar foydalanishgan.
Sohalar bo‘yicha esa 53% yoki 9,1 trln so‘mi qishloq xo‘jaligiga, 26%i (4,4 trln so‘m) sanoat hamda 21%i (3,6 trln so‘m) xizmat ko‘rsatish loyihalariga to‘g‘ri keladi.
Buning natijasida jami 76 trln so‘mdan ortiq kreditlar kafillik va kompensatsiya moliyaviy instrumenti asosida qo‘llab-quvvatlandi. Loyihalar ishga tushishi bilan 379,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Kompaniya yil yakunigacha tadbirkorlarning 2 mingdan ortiq loyihalarini amalga oshirishga 1,4 trln so‘m yo‘naltirilishini prognoz qilmoqda.
Bunda, 556 mlrd so‘m kafillik, 300 mlrd so‘m xizmatlar ipotekasi, 300 mlrd so‘m kredit resursi, 115 mlrd so‘m kompensatsiya yordamlari taqdim etiladi hamda loyihalarda 84 mlrd so‘m miqdorida ulushdor bo‘lib ishtirok etiladi.
Natijada jami 2,2 trln so‘m miqdoridagi kreditlar kafillik va kompensatsiyalash asosida qo‘llab-quvvatlanishi, aylanma mablag‘lar uchun 275 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorlarning o‘z ixtiyorida qoldirilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kreditlarning 40%i garov ta’minoti bilan ta’minlanadi, energiya tejamkor loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga 168 mlrd so‘m yo‘naltirildi. 1,2 mingdan ortiq tadbirkorlar masalalar bo‘yicha maslahatlar beriladi. Loyihalar ishga tushishi hisobiga 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” 2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident farmoni bilan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi negizida tashkil etilgan.
Avvalroq “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tadbirkorlarga taqdim etadigan kafillik va kompensatsiya yordamlari miqdorlarini ma’lum qilgandi.